TILIMIZ
I
Dunyoning eng
boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi
emasman, so‘zning to‘g‘risi shudir. Dunyoning eng boy tili turkchadir, eng
baxtsiz tili xud turkchadir. Tillarning baxtsizligi sovet hukumati chog‘inda
bo‘lg‘on bir ishdir, bundan burun baxtli edilar deganlar tilimizni holini
bilmasdan gapuralar.
Bir tilning
boyligi u tildagi so‘zning ko‘pligi (kasrati kalimot), undirik kengligi
(vus’ati ishtiqoq), yusup tugalligi (mukamalliyati qavoyid) bilan bo‘lur.
Turkchada so‘z ko‘pligi bormi, arabchilarimizcha aytganda, kasrati kalimot
mavjudmi? Bu so‘z bukun emas, necha yuz yil burun o‘rtaga chiqmish, deya
Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” kitobindan o‘z javobini olmish. Navoiyning
kitobi turkchaning boylig‘ini ochibg‘ina bildira olmasa ham, turkchada so‘z
ko‘pligini u yaxshi biladir. Navoiy yolg‘iz “yig‘lamoq”ning turlarini
ko‘rsataturgan turkcha so‘zlarning shunchasini yozadir: Ingramoq, singramoq, ingichkirmoq, yig‘lamoq, yig‘lamsinmoq, o‘kirmak,
siqtamoq...
Mana sizga bir
hodisaning yetti turi uchun otkim, oralarinda ingichka ayirmalar bordir.
Turkchada bu hol oz emas. Arabcha nufuz,
murur, ubur; u to‘g‘risinda turkchamizda o‘tmoq, kechmoq, oshmoq, o‘rtonmoq bor. Arabcha kand, azm, amal qarshusinda turkcha tilak, istov, orxan bor. Arabcha zarf yoninda turkcha idish bor, sovut bor. Arabcha naf’, manfaat o‘rninda turkcha tosix bor, unum bor. Arabcha qalb
o‘trusinda turkcha yurak bilan ko‘ngul bor. Arabcha sadr uchun turkcha ko‘ks va ko‘krak bor.
Turkcha lug‘at yozmoqchi bo‘lganimda turkcha so‘z boyligi to‘g‘rusinda bundan
ortiq yozolmayman.
So‘zni
turkchada undirik kengligi (ya’ni vus’ati ishtiqoq)g‘a ko‘chiraman. “Ilm”
ishining - bilimning turkchasidan undirilgan so‘zlar shulardir: bil, bilar, bilajak, bilg‘usi, bilg‘ay,
bilsa, bilsa-chi, bilay, bildi, bilibdir, bilgan, bila boshladi, bilayozdi,
bila oldi, bila turdi, bila berdi, bilib, bilg‘ach, bilg‘ali, bilmak, bilish,
biluv, bilmov, bilim, bilgi, bilgili, bilguchi, bilmakchi, bilgur, bilmagay,
bilmagan, bilmay, bilimsiz, bilmas, bilmaslik.
Mana sizga yolg‘iz
fe’llardan 13 fe’l, qo‘shma fe’llardan 6 fe’l. Qo‘shma fe’llardan har birining
buyrug‘i, bo‘lishi (fe’lning bo‘lishlilik kategoriyasi), holi (ravishdosh),
kelajagi (fe’lning zamon kategoriyasi), sharti (fe’lning shart mayli),
qo‘zg‘ovi (fe’l nisbati, orttirma nisbat) bor. 13X6=78 bo‘lur. Bunlarga uft
(holat fe’llari), vaqt (fe’llarda ifodalangan davomiylik), sabab (sabab holi
o‘rnida kelgan fe’l shakllari) fe’llari qo‘shilsa, 81 ta bo‘lur. Bunga ism va
sifat yozilg‘on 18 qo‘shilg‘anda 99 so‘z bo‘lur. Bu 99-tasiga-da so‘z tolug‘i
(söz o‘zagi) buyruqdir (ya’ni bil
so‘zi). Demak, turkchada bir tomirdan 98 so‘z undiring emish.
Emdi yusup
tugalligiga (mukammaliyati qavoidg‘a) boqayliq: arab, fors, rus, nemis, fransuz
tillaridan qay birining sarf (grammatika) kitoblarini olib qarasoq,
ko‘ramizkim, bir so‘zni yasamoq uchun bir qancha yozilg‘on, undan so‘ng shul
qoidadan tashqari qolg‘on (mustasno) so‘zlar deb to‘rt-besh so‘z ko‘rsatilgan.
Turk so‘zlarinda esa, bunday so‘z topilmaydur. Yusupsizlik degan hollar
(istisnolilik hollari) turkcha sarfda sira yo‘qdir. Tilimizning ayni
to‘g‘risida ham boyligi, tugalligi bilindimi? Emdi so‘zni turkchaning
baxtsizlikdan qutula olmamishdir. Turk tili dunyoning eng baxtsiz tilidir.
Turkchaning baxtsizligi arab bosqini bilan bog‘lanmishdir. Arablar bosdiqlari
o‘lkaga yolg‘iz hukumatlarini emas, dinlarini, yo‘sunlarini-da tanitgan,
oldirg‘on edilar. Musulmonliqlarning tubi, tomiri Qur’on bilan Hadisdir.
Shuning uchun yangi musulmonlar arabcha o‘rganishni o‘zlariga vojib deb
bildilar, o‘qidilar, o‘rgandilar, sevdilar. Bundan keyin forsi(y)cha va turkcha
arabcha bo‘g‘uviga kirib qoldilar. Fors tilining holi butunlay yomonlashdi.
Forslar o‘z tillarini tashladilar: kitoblarini emas, o‘zaro yozuvlarini ham
arabcha yoza boshladilar. Lekin bu ish ko‘p cho‘zilmadi. Fors tili bir
silkinish bilan o‘zini arab bo‘g‘uvidan qutqara oldi. Fors tilining bu
silkinishi Eron shoiri Firdavsiyning chiqishi edi. Firdavsiy arabchaliqqa
qarshu qaynag‘an, qizig‘an bir millatchi edi. O‘ttiz yil tirishdi, dong‘li
“Shohnoma” kitobini yozib chiqardi. “Shohnoma” yozib chiqarudan Firdavsiyning
ikkita tilagi bor edi: Eron ulusini arabdan sovutib, eronli tuyg‘usini bermak
va arab tilini Erondan surib chiqarmak. Shuning uchun “Shohnoma”ning har bir
yerinda eronlini maqtag‘an shoir arabliqqa kelganda:
Zahir shutur xurdan susi mor,
Arabro ba joyi rasidast kor.
Ki taxti Kayonro ko‘nad orzu,
Tfu, bar tu, charx gardun tfu!
deb
qiyqirmishdir. Bu so‘zlarning turkchasi shudir: “Tuya suti bilan ilon eti yemakdan boshqa ish bilmagan arabning ishi,
shu yerg‘a chiqmishkim, Eron imperatorining taxtini istaydir. O, shu ishga
sabab bo‘lg‘an falak, tfu senga, tfu!”
Yana shuning
uchundirkim, Eronda arabcha hokim bo‘lg‘an bir zamonda yozilg‘an “Shohnoma”da
arabcha so‘zlar yo‘q darajada ozdir. Firdavsiy bu iki tilakni bilib, onglab,
ishga kirishganini bildirmakchi bo‘lib, yozadirkim:
Bas, ranj burdam soli si,
Ajam zinda kardam ba dini forsiy
demishdir.
Turkchasi: “Bu o‘ttiz yil ichida ko‘p
emkaydim, Eronni forsiycha yozdıg‘ım
shu kitob ila turg‘izdim” demakdir. Forsiy ishdi shunday qilib yoqasini
qutqormish. Lekin, bizning baxtsiz turkchamiz bir Firdavsiyni yetishtira
olmamish.
Dunyoning eng
boy tili bo‘lg‘on turkchamiz yolg‘uz arabcha qumruqlar bilan emas, forsiycha
tepkilari bilan daxi ezilmishdir. Ko‘zlarimizni to‘rt ochib qaraylik, dunyoning
eng buyuk hakimi bo‘lg‘an Ibn Sino turkdir. Ikkinchi Arastu atolg‘an Forobiy
turkdir. Arab tilini mangulik tirgizib kelgan Javhariy turkdir. “Vahdati vujud”
falsafasining imomlaridan bo‘lgan Jaloliddin Rumiy turkdir. Forsiy adabiyotning
payg‘ambarlaridan bo‘lg‘an Nizomiy daxi turkdir. Shu yerda otlari yozilg‘on
kimsalarda yolg‘uz turk ulusini emas, butun dunyoning ulug‘ kishilarindan
erurlar. Ikki turk ulusi bunlarning asarlarindan osig‘lanolmay qolmish, balki
o‘zlarini ham yaxshig‘ina taniyolmay qolmishdir. Bunlar o‘z bitiklarini turkcha
yozsalar edi, bukun turk ulusining holi ehtimolki boshqa turli bo‘lur edi.
Baxtsizliq bundan-da ortiq bo‘lurmikan?! Turk o‘g‘li turk bo‘lg‘on Mahmud
G‘aznaviy Firdavsiyni chaqirib, turk ezilishini ko‘rsatgan “Shohnoma”ni
yozdirsun-da, har yo‘liga bir oltun bersun. Shul baxtsizliqdirkim, turk o‘g‘li
bo‘lg‘an Usmonli hoqonlari o‘z tuyg‘ularini forsiycha she’r bilan so‘ylatmişdir.
Yana shul baxtsizliqdirkim: Kafkaziya turklarining yoqalarin tutmish-da forsiy
tilining hurmati uchun sakson yerinde hashtot dedirmishdir.
Turkcha
baxtsizdir. Ming yildan beri ezila kelmishdir. Lekin bitmamishdir. Bitmas,
yashamishdir, yashar. Negakim, boydir. Turkcha yashamishdir. Yashar, lekin
o‘zini arab, fors tillarindan qutqara olurmi, yo‘qmi? So‘zni bu yerga
yetirgach, barmog‘imni yaraning o‘zagina bosmish bo‘ldim.
Bu
sordig‘img‘a ikki turli javob kelar, bilgilidir: ha, yo‘q. Emdi shu “yo‘q”
deganlar bilan yurishaylik. Bunlar deylarkim, turkcha arab fors tillarindan
qutulolmas! Nechun? Mana dalillari: Chunki, arab, fors tillari boydir. Buni
javobini berdikkim, turkcha ham boydir. Chunki, bukungi turk dunyosining
bilimli ulug‘ yozuvchilari shu yo‘lga kirmishdir. Bunga javob beramizkim: Turk
dunyosining ulug‘ hakamlari bo‘lg‘an Forobiy bilan Abu Ali o‘z asarlarini
arabcha yozarg‘a qo‘l qo‘yg‘an edilar. Siz nechun ularning izidan chiqdingiz?
Siz Abu Alining izidan chiqqanda, biz-da sizning izingizdan chiqa olsaq kerak.
Chunki tilimizda ko‘b narsaning oti yo‘qdir. Javobimiz: Bu so‘zdan tilagingiz
nimadir? Shul choqda tilingizdag‘i arab, fors so‘zlarining turkchasi
topilmaydir demakchi bo‘lsangiz, so‘zingiz yanglishdir. Turkchani bilmas
ekansiz. O‘rganing. Hozirgi so‘zlarimizdag‘i arabcha, forsiychalardan bir
nechasi uchun turkcha topilmaydir, desangiz to‘g‘ridir. Biz ham ularni
chiqarmoqchi emasmiz. Unlarni olurmiz, lekin o‘zimizniki qilurmiz.
Turkchalashtirurmiz. Qoidaning
turkchasi yo‘qdur. Sarfning-da
turkchasini topolmadik Ikisin daxi olurmiz. Lekin, siz kabi qavoyidi sarfiya demasdan, sarf qoidalari dermiz. Chunki, ilmiy
istilohlarning turkchasi yo‘qdir. Kim dedi buni? Shamsning turkchasi quyoshdir.
Kavokibning turkchasi yulduzlardir. Manorning turkchasi olov,
o‘tdir. Sahobi munavvar — yorug‘
bulut, handasa — o‘lchov xat, chiziq, zoviya — burchak, puchmoqdir. Kavokibi sobita — turg‘uvchi yulduzdir. Kavkabi
zu zanb — quyruqli yulduzlardir.
Tuzuk, bir necha istilohlarning turkchasini bu kungacha topolmag‘anmiz, ularni
saqlarmiz. Chunki, turkchamiz qabodir, daqqidir, adabiyot tili emasdir.
So‘z bu yerga
keldimi? Chidamoq qo‘ldan kelmas! Qaboliq, daqqiliq ko‘rsatmoqchi bo‘lib
deymizki: Siz ulusingizni sevmaysiz. Shuning uchun turk ulusi va turk tilining
siz bilan ishi yo‘qdir. Qarshingizdagi kishilar bu so‘zni eshitib o‘tirmaslar,
qilarini qilarlar. Men ulusimni jonimdan ortiq sevaman derlar. Bunlarning mana
shu so‘zlari qumuchdir. Tushingizda siz bir xotinni sevgansiz, tirishib, jon
chekishib, kuch bilan uyig‘a kiribsiz, yonig‘a suqulg‘andan keyin, yuzig‘a
qarab: “Men sizni ko‘p sevaman, siz ko‘b chiroyliksiz, lekin shu ko‘zingiz ko‘b
daqqidir, shuni chiqarib tashlang. Burning yomon is beradir, shuni kesib
oting”, - desangiz sevgilingiz bo‘lg‘an xotun iki-uch tayoq urub sizni
quvmasmi? Albatta, quvar. Turk ulusini sevamiz, lekin tili qabodir, musiqasi
totsizdir, tarixi qorong‘udir deganlarning ham bir-ikki tayoq yeb, quvilmoqlari
kerakdir. Lekin, turk tili baxtsizdir.
“Ishtirokiyun”, 1919-yil 12-iyun, 32-son.